---
title: Domen o'zi nima?
description: Domenlar haqida soddalashtirilgan qo‘llanma
navigation: true

badges:
  - value: Domenlar
    to: /domains
    target: _self
    icon: lucide:globe
  - value: DNS
    to: /domains/dns
    target: _self
    icon: lucide:pencil-line

authors:
  - name: Sherali Salomidinov
    username: coderplusdesigner
---

Agar siz domen va DNS haqida aniq tushunchaga ega bo‘lmasangiz, DNS sozlamalarini mustaqil amalga oshirish va boshqarishda turli muammolarga duch kelishingiz mumkin. Shuning uchun, "Domen" tushunchasi haqida yetarli bilimga ega bo'lish muhim hisoblanadi.

## Domen tushunchasi

Domen eng sodda ma'noda aytilganda - **veb-sayt nomi** hisoblanadi.  
Masalan, do'stingizdan: *“O‘sha saytning nomi nima edi?”* deb so‘rasangiz, odatda u sizga sayt *domeni* nomini aytib, javob qiladi.

Demak, biz birinchi navbatda veb-sayt o'zi nima ekanligini tushunib olishimiz kerak.

## Veb-saytlar va serverlar

Veb-sayt — bu internet orqali ochiladigan, **server kompyuter**da saqlanadigan sahifalar, fayllar va ma’lumotlar to‘plamidir.  
Masalan, brauzeringiz(Chrome, Yandex, Edge, "Google")ga `youtube.com` deb yozib, sayt sahifasini ochasiz va videolarni tomosha qilasiz.
Shu o'rinda biz sayt bizga YouTube serverlaridan qanday yetib kelayotganiga qiziqamiz:

Serverlar ham bizning shaxsiy kompyuterlarimiz kabi kompyuter qurilmasi hisoblanadi, faqat farqi - ular hech qachon "uxlamaydi"(o'chmaydi) va doimo(24/7) tarmoqqa ulangan holatda bo'ladi. Shu bois ular veb-saytlarni saqlash uchun ishonchli joydir.

Ho'sh, serverlarni butun boshli internet tarmog'ida bir-biridan qanday farqlab olamiz? Telefon tarmog'ida biz bir-birimizga telefon raqamlari orqali murojaat qilgandek, har bir serverning ham raqamlardan tashkil topgan, o‘ziga xos **IP manzili** bo‘ladi. Masalan: `142.251.32.110`.  

Muammo shundaki, IP manzillarini yodlash qiyin masala, xuddi o'nlab, yuzlab insonlarning telefon raqamlarini eslab qolish qiyin bo'lgani kabi. Shuning uchun biz telefon raqamlariga **nom qo‘shib saqlaganimiz kabi**, veb-saytlar uchun ham **domenlar**dan foydalanamiz. Ya'ni bizda ularni domen orqali nomlab olish imkoni mavjud.

### Domen bo'lishi nima uchun muhim?

Bugungi kunda veb-sayt uchun domen **zaruriy** element hisoblanadi.

Sababi:
* Domenlar IP manzillarga nisbatan **eslab qolish osonroq**;
* **Bitta server va bitta IP** bilan birdaniga bir nechta domenni ishlatish mumkin, ya’ni bir serverda bir nechta, o'z domen nomiga ega saytlarni joylashtirish; 
* Domen orqali **elektron pochta manzillari** ham ochish imkoniyati tug'iladi (masalan, agar siz `uzum.uz` domeniga ega bo‘lsangiz, `support@uzum.uz` yoki `info@uzum.uz`dan foydalanishingiz mumkin);
* Domen loyihangizga yoki biznesingizga **professional brend nomi**ni beradi — odamlar IP manzillarga qaraganda domenli saytga ko‘proq ishonch bildiradi;  
* Tashkilotingiz turli xizmatlarini tartibga solish uchun **subdomenlar** yaratishingiz mumkin (`bank.uzum.uz` yoki `shop.uzum.uz`).  
* Domen orqali sizning **brendingiz** shakllanadi — internetdagi o‘z nomingizni mustahkamlab olasiz.  

Domenlar bo‘lmasa, internet faqat raqamlar ro‘yxatidan iborat bo‘lar edi. Domenlar uni tartibli, yodda qolarli va amaliy holatga keltiradi.

### Qiyosiy namuna

Holatni shunday tasavvur qilish mumkin:
- **Server** — bu uyingiz;
- **Server IP manzili** — bu uyning telefon raqami;
- **Veb-saytlar** — uyda yashovchi insonlar;  
- Ularning **ismlari** — bu domenlar;  

Demak, `google.com` deb yozsak, biz “Amakimiz Mr. Google”ni nomi bilan chaqirayotgan bo'lamiz.  
`maps.google.com` esa — “Amakimiz Googlening o‘g‘li Maps” bo'lib chiqadi.

## Xulosa

Domen bo‘lmasa, siz `maps.google.com` o‘rniga `142.250.176.206` kabi narsani yozishingiz kerak bo‘lar edi.  

O‘ylab ko‘ringa, yuzlab raqamlarni yoddan bilish zaruriyati tug'ilar edi.<br>
Yoki, tasavvur qiling, Amazon o‘z saytini `54.239.28.85` sifatida reklama qilsa.

Shunisi aniqki, domenlar hayotimizni ancha yengillashtiradi.


---

**Source URL:** https://support.hostmaster.uz/domains/what-is-a-domain
