Serverga qanday ulanish mumkin?

SSH orqali serverga ulanish bo'yicha qo'llanma

SSH (Secure Shell) — serveringizga masofadan xavfsiz ulanish va uni boshqarish uchun protokol. Ulanishdan oldin quyidagi ma'lumotlar sizda bo'lishi kerak:

  • Serveringizning IP-manzili
  • Foydalanuvchi nomi (Username) — xizmatni sozlashda avtomatik yaratilgan tizim foydalanuvchisi
  • Parol
  • Port — standart holda 22

Ushbu ma'lumotlar serverga to'lov amalga oshirilganida va u aktivlashganda, elektron pochtangizga yuboriladi (agar asosiy pochta papkasida topilmasa, spam papkasi tekshirilishi lozim).

Linux va macOS

Bu tizimlarda SSH oldindan o'rnatilgan bo'ladi. Shunchaki terminalingizni oching va quyidagi buyruqni ishga tushiring:

ssh foydalanuvchi_nomi@server-ip-manzili

Masalan:

ssh qandolatmarkazi@10.20.30.40

Birinchi ulanishda kompyuteringiz sizdan ushbu aloqa uchun kriptografik fingerprint uchun rozilik bildirishni so'raydi: "yes" deb tasdiqlaysiz. So'ng so'raladigan parolni kiritasiz.

Windows

Windows 10 va 11 da ichki SSH-client mavjud. PowerShell yoki Windows Terminal orqali quyidagi buyruqni ishga tushiring:

ssh foydalanuvchi_nomi@server-ip-manzilingiz

Root (Superuser) rejimiga o'tish

Taqdim etilgan foydalanuvchi administrator huquqlariga ega bo'lgani uchun, tizimda to'liq root rejimiga o'tish yoki buyruqlarni superuser nomidan bajarishi mumkin. Buning uchun ikki usul mavjud:

  1. Buyruqni administrator nomidan bajarish: Har buyruq boshiga, shunchaki, sudo so'zini qo'shing, masalan:
    sudo apt update
    
  2. To'liq root rejimiga o'tish: Terminalda to'g'ridan-to'g'ri root foydalanuvchisiga o'tish uchun quyidagi buyruqni yozing va parolingizni kiriting:
    sudo bash
    # yoki
    sudo -i
    

Android va iPhone

Sizga shaxsiy tajribamizdan kelib chiqqan holda, qulay va zamonaviy yechim — Termius ilovasini taklif qilamiz. Ilova ikkala platforma uchun ham mavjud. Bog'lanishda serveringizning IP-manzili, porti, sizga taqdim etilgan foydalanuvchi nomi va parolini kiritasiz, so'ng Connect tugmasini bosasiz.

Termius (Tavsiya etiladi)

Mobil qurilmalar uchun eng qulay SSH-client dasturi. iOS va Android'da ishlaydi, SSH-kalitlarni qo'llab-quvvatlaydi va barcha serverlaringizni bir joyda saqlaydi. Hostmaster tomonidan, SSH ga ulanish uchun tavsiya etilgan yechim.

Barcha qurilmalar uchun yagona ilova

Agar barcha qurilmalaringiz — Windows, macOS, Linux, Android va iPhone — uchun yagona vositani afzal ko'rsangiz, Termius hamma tizimlarda mavjud dasturlardan hisoblanadi.