Domen o'zi nima?

Domenlar haqida soddalashtirilgan qo‘llanma

Agar siz domen va DNS haqida aniq tushunchaga ega bo‘lmasangiz, DNS sozlamalarini mustaqil amalga oshirish va boshqarishda turli muammolarga duch kelishingiz mumkin. Shuning uchun, biz sizga "Domen" va "DNS" bo'yicha bazaviy bilim manbaasini yaratishga qaror qildik.

Ushbu bo'limni siz, o'z ketma-ketligiga ega qo'llanma va domeningizni sozlab olish bo'yicha yo'riqnoma sifatida o'rganib chiqishingiz tavsiya etiladi.

Domen tushunchasi

Domen eng sodda ma'noda aytilganda - veb-sayt nomi hisoblanadi.
Masalan, do'stingizdan: “O‘sha saytning nomi nima edi?” deb so‘rasangiz, odatda u sizga sayt domeni nomini aytib javob qiladi.

Demak, biz birinchi navbatda veb-sayt o'zi nima ekanligini tushunib olishimiz kerak.

Veb-saytlar va serverlar

Veb-sayt — bu internet orqali ochiladigan, server kompyuterda saqlanadigan sahifalar, fayllar va ma’lumotlar to‘plamidir.
Masalan, brauzeringiz(Chrome, Yandex, Edge, "Google")ga youtube.com deb yozib, sayt sahifasini ochasiz va videolarni tomosha qilasiz. Shu o'rinda biz sayt bizga YouTube serverlaridan qanday yetib kelayotganiga qiziqamiz:

Serverlar ham bizning shaxsiy kompyuterlarimiz kabi kompyuter qurilmasi hisoblanadi, faqat farqi - ular hech qachon "uxlamaydi"(o'chmaydi) va doimo(24/7) tarmoqqa ulangan holatda bo'ladi. Shu bois ular veb-saytlarni saqlash uchun ishonchli joydir.

Ho'sh, serverlarni butun boshli internet tarmog'ida bir-biridan qanday farqlab olamiz? Telefon tarmog'ida biz bir-birimizga telefon raqamlari orqali murojaat qilgandek, har bir serverning ham raqamlardan tashkil topgan, o‘ziga xos IP manzili bo‘ladi. Masalan: 142.251.32.110.

Muammo shundaki, IP manzillarini yodlash qiyin masala, xuddi o'nlab, yuzlab insonlarning telefon raqamlarini eslab qolish qiyin bo'lgani kabi. Shuning uchun biz telefon raqamlariga nom qo‘shib saqlaganimiz kabi, veb-saytlar uchun ham domenlardan foydalanamiz. Ya'ni bizda ularni domen orqali nomlab olish imkoni mavjud.

Domen bo'lishi nima uchun muhim?

Bugungi kunda veb-sayt uchun domen zaruriy element hisoblanadi.

Sababi:

  • Domenlar IP manzillarga nisbatan eslab qolish osonroq;
  • Bitta server va bitta IP bilan birdaniga bir nechta domenni ishlatish mumkin, ya’ni bir serverda bir nechta, o'z domen nomiga ega saytlarni joylashtirish;
  • Domen orqali elektron pochta manzillari ham ochish imkoniyati tug'iladi (masalan, agar siz uzum.uz domeniga ega bo‘lsangiz, support@uzum.uz yoki info@uzum.uzdan foydalanishingiz mumkin);
  • Domen loyihangizga yoki biznesingizga professional brend nomini beradi — odamlar IP manzillarga qaraganda domenli saytga ko‘proq ishonch bildiradi;
  • Tashkilotingiz turli xizmatlarini tartibga solish uchun subdomenlar yaratishingiz mumkin (bank.uzum.uz yoki shop.uzum.uz).
  • Domen orqali sizning brendingiz shakllanadi — internetdagi o‘z nomingizni mustahkamlab olasiz.

Domenlar bo‘lmasa, internet faqat raqamlar ro‘yxatidan iborat bo‘lar edi. Domenlar uni tartibli, yodda qolarli va amaliy holatga keltiradi.

Qiyosiy namuna

Holatni shunday tasavvur qilish mumkin:

  • Server — bu uyingiz;
  • Server IP manzil — bu uyning telefon raqami;
  • Veb-saytlar — uyda yashovchi insonlar;
  • Ularning ismlari — bu domenlar;

Demak, google.com deb yozsak, biz “Amakimiz Mr. Google”ni nomi bilan chaqirayotgan bo'lamiz.
maps.google.com esa — “Amakimiz Googlening o‘g‘li Maps” bo'lib chiqadi.

Xulosa

Domen bo‘lmasa, siz maps.google.com o‘rniga 142.250.176.206 kabi narsani yozishingiz kerak bo‘lar edi.

O‘ylab ko‘ringa, yuzlab raqamlarni yoddan bilish zaruriyati tug'iladi?
Yoki, tasavvur qiling, Amazon o‘z saytini 54.239.28.85 sifatida reklama qilsa?

Shunisi aniqki, domenlar hayotimizni ancha yengillashtiradi.