DNS yozuvlari

DNS yozuv turlari va ularning atributlari

DNS yozuvlari — bu DNS serverlarida saqlanadigan ko‘rsatmalar bo'lib, ular internet tarmog'ida domeningiz bilan amalga oshuvchi barcha rasmiy jarayonlarda foydalaniladi. Har bir yozuv turi o‘z vazifasiga ega bo'ladi.

Biz DNS yozuvlarini guruhlab o‘rganamiz, shunda ushbu guruhlanish orqali, qaysi DNS yozuvini o'rganayotgan bo'lmang, uning aynan qanday maqsadda, vazifada ishlatilishini aniq tushunib o'rganasiz.

1. Manzil yozuvlari (Address Records)

  • A — Domenni IPv4 manziliga bog‘lash;
  • AAAA — Domenni IPv6 manziliga bog‘lash.

2. Alias / Kanonik yozuvlar

  • CNAME — Domen nomini boshqa domen nomiga yo‘naltirish (masalan, www → example.uz);
  • DNAME — Domen uchun butun boshli subdomenlar tizimini yo‘naltirish (kamdan-kam ishlatiladi).

3. Elektron pochta manzillarini sozlash bilan bog'liq yozuvlar

  • MX — Domen uchun elektron pochta serverlari uchun alohida ajratilgan manzillarni belgilash;
  • TXT — Har qanday matnni saqlaydi, ko‘pincha SPF, DKIM, DMARC yozuvlari uchun ishlatiladi;
  • SPF — (TXT tipidagi yozuv) Domen nomidan qaysi serverlar email xabarlarini jo‘natishi mumkinligini belgilaydi;
  • DMARC — (TXT) Email autentifikatsiyasi muvaffaqiyatsiz bo‘lgan holatdagi siyosatni belgilash yozuvi;
  • DKIM — (TXT) Email serverni "imzolash"(tasdiqlash) uchun ochiq kalitni saqlaydi.

4. Nom serveri (Name Server) yozuvlari

  • NS — Domen uchun avtorizatsiya DNS serverlarini ko‘rsatadi.

5. Yo‘naltirish / Pointer yozuvlari

  • PTR — IP manzilni domen nomiga bog‘laydi (teskari DNS).

6. Xizmat va protokol yozuvlari

  • SRV — Xizmat serverlarining joylashuvini (host, port) belgilaydi (masalan, SIP, XMPP);
  • NAPTR — Naming Authority Pointer, murakkabroq va ikkilamchi, ko'proq qadamli xizmatlarni yaratib olishdagi sozlanadigan yozuv (masalan, VoIP).

7. Boshqa / Tekshiruv yozuvlari

  • CAA — Domen uchun SSL sertifikatlarini berishga ruxsat etilgan sertifikat markazlarini ko‘rsatish;
  • SOA — Start of Authority; domen haqida ma’muriy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi (asosiy NS, administrator emaili, serial raqami, yangilanish vaqti va h.k.);
  • LOC — Domenning geografik joylashuvini saqlaydi;
  • RP — Mas’ul shaxs haqida kontakt ma’lumotlarini saqlaydi;
  • HINFO — Host haqida ma’lumotni o'zida saqlaydi (kam ishlatiladi).

Nega DNS yozuvlarini sozlash biz uchun muhim?

  • DNS yozuvlari veb-saytlar, email va boshqa xizmatlarni ishlab turishi uchun birlamchi sozlanadigan unsur hisoblanadi;
  • Noto‘g‘ri sozlama sayt yoki elektron pochtaning ishlamay qolishiga sabab bo'ladi;
  • Ular domeningizning internet tarmog'ida qanday ishlashini belgilovchi sozlamalar paneli hisoblanadi.

DNS yozuv atributlari

Domen sozlayotganda odatda quyidagi ustunlarni to'ldirishingiz kerak bo'ladi:

  1. Name / Host – Host nomi yoki subdomen;
  2. TTL (Time to Live) – Yozuv qancha vaqt keshda saqlanishi (sekundlarda, masalan 3600 = 1 soat; TTL bu aynan DNS Resolver uchun kesh ma'lumot saqlash vaqti hisoblanadi, brauzeringiz kesh-i uchun emas);
  3. Type – DNS yozuv turi (A, AAAA, CNAME, MX, TXT, NS, SRV va h.k.);
  4. Value / Data – Yozuvning haqiqiy ma’lumoti/qiymati (IP manzil, domen nomi, matn va h.k.);
  5. Priority – Faqat MX yoki SRV yozuvlarida ishlatiladi, yetkazib berish tartibini belgilaydi; qolgan yozuvlarda bo‘sh qoldiriladi.

DNS yozuvlari namunasi

NameTTLTypeValue / DataPriority
@3600A93.184.216.34
@3600AAAA2001:0db8:85a3:0000:0000:8a2e:0370:7334
www3600CNAMEexample.uz
mail3600MXmail.example.uz10
@3600TXTv=spf1 include:_spf.example.uz ~all
@3600NSns1.example.uz
@3600NSns2.example.uz
_sip._tcp3600SRVsipserver.example.uz:506010

@ belgisi haqida

  • Name/Host ustunidagi @ belgisi ildiz domenni bildiradi (root domain; buni Root DNS Server bilan adashtirmang; masalan, siz sotib olgan domen example.uz bo'lsa, unda shu siz uchun root/ildiz domen);
  • Har safar to‘liq domen nomini yozmaslik uchun qisqartma sifatida ildiz domen o'rnida ishlatiladi;
  • Subdomenlar (www, mail, _sip._tcp) alohida yoziladi va ular bilan subdomenlar hosil bo‘ladi.

Savol: @ belgisi o‘rniga example.uz yozsam bo‘ladimi?

Javob: Yo‘q. example.uz yozish example.uz.example.uz subdomenini hosil qiladi.

Lekin ba'zi DNS menejerlari ildiz domen uchun @ yozishni talab qilsa, boshqalari FQDN (example.uz.) kiritishni so‘rashi mumkin.


Qiziqarli faktlar