NS (Name Server) yozuvi — bu domeningiz uchun belgilanadigan, boshqa DNS yozuvlaridan alohida bo‘lgan turdagi DNS yozuvi hisoblanadi. Bu yozuvni faqat domeningizni ro‘yxatdan o‘tkazgan (yoki sotib olgan) registrator orqali sozlash mumkin.
Domen sotib olganingizda siz qiladigan birinchi ish bu A yozuvini sozlash emas, balki NS yozuvlarini belgilab olsih bo'ladi. NS yozuvlari butun dunyoga sizning domeningiz DNS yozuvlarini qaysi DNS-serverlardan olish kerakligini ko'rsatib turadi.
Odatda, registrator, siz domen sotib olganingizda, u uchun o‘z DNS-serverlarining NS yozuvlariga sozlab qo‘yadi va shu bilan birgalikda sizga o'z DNS-menejeri orqali DNS yozuvlarini boshqarish imkoniyatini taqdim etadi. Agar siz DNS boshqaruvini boshqa serverga yoki xizmatga o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, NS yozuvlarini yangi server manzillariga o‘zgartirish kifoya qiladi.
NS manzillari o'zgartirilishini quyidagicha qiyosiy misol bilan o'rganish mumkin:
- Telefoningizdagi eski SIM-kartangizda barcha kerakli kontaktlaringiz saqlangan edi;
- Siz endi yangi SIM-karta olgansiz va unga o‘tib olishni xohlayapsiz;
- Birinchi o'rinda barcha kontaktlarni kerakli joyga saqlab olasiz (agar ular kerak bo'lsa, albatta);
- Eski SIM-kartani chiqarib, yangisini joylaysiz;
- Saqlab qo'ygan kontakt ma'lumotlaringizni qayta, yangi SIM-kartaga joylab olasiz.
Bu yerda nima-nimaga qiyoslanmoqda:
Telefon, bu domen Eski SIM-karta, bu eski NS yozuvlari (eski DNS-serverlar)
Yangi SIM-karta, bu yangi NS yozuvlari (yangi DNS-serverlar)
Kontaktlar esa, DNS yozuvlari
Domen NS yozuvlarini o‘zgartirish ham huddi shu tartib amalga oshadi:
- Eski DNS serverlarda(NS yozuvlari) sizning ma'lum DNS yozuvlaringiz/sozlamalaringiz bor edi;
- Siz yangi DNS serverlaridan foydalanmoqchisiz (DNS hosting, pochta, CDN va h.k.);
- Agar sizga hozirgi DNS yozuvlari (yangi DNS serverda ham huddi shu DNS yozuvlari ishlashi) kerak bo'lsa, unda ularni biror joyga saqlab olasiz;
- Registratorda eski NS yozuvlarini yangisiga o'zgartirasiz;
- Yangi provayderning DNS-menejerida saqlab olgan DNS yozuvlaringizni tiklab olasiz.
Har bir domen kamida bitta NS yozuviga ega bo‘lishi kerak. Odatda, kamida ikkita NS yozuvi sozlanadi (ishonchlilik uchun; biri ishlamay qolsa, ikkinchisi uzluksiz faoliyatni ta'minlab turadi).
Masalan, Hostmaster domeningiz uchun, avtomatik tarzda 2 ta NS yozuvini belgilaydi. Agar ular o'zgarishsiz qoldirilsa, Hostmaster saytidagi shaxsiy kabinetingiz orqali domeningiz DNS yozuvlarini boshqara olishingiz mumkin bo'ladi.
NS yozuvlari qanday ishlaydi
Kimdir brauzerga example.uz yozsa:
- Brauzer DNS-rezolverdаn domenning IP manzilini so‘raydi;
- Rezolver avval Root serverdan TLD serverlarni oladi, so‘ng ular orqali avtorizatsiya serverlarini topadi;
- Avtorizatsiya serverlari — bu sizning NS yozuvlaringizda ko‘rsatilgan DNS serverlari. Masalan,
ns3.hostmaster.uz. - Rezolver Avtorizatsiya serverlaridan domen IP manzilni aniqlab, brauzerga natija sifatida qaytaradi;
- Brauzer shu IP-dagi serverga domen va protocol bo'yicha so‘rov yuboradi;
- Server veb-sayt sahifasini javob sifatida qaytaradi, shu bilan sayt ochilgan bo'ladi.
NS yozuvlarini qachon o‘zgartirish kerak bo'lishi mumkin
1. Yangi xostingga o‘tishda
Agar yangi xosting o‘z DNS-serverlaridan foydalanishni talab qilayotgan bo'lsa.
Misollar:
- Siz Cloudflare Hosting-dan voz kechib → O'zbekiston hududida joylashgan hostingni Hostmaster-dan buyurtma qilgansiz va domen shu hostingda to'liq boshqarilishini xohlaysiz.
- Domen Hostmaster-dan olingan, sayt esa Tilda-da joylashtirilgan → Siz Hostmaster-da NS yozuvlarini Tilda NS yozuvlariga almashtirishingiz kerak bo'ladi.
2. DNS-provayderini almashtirishda
Agar sizga maxsus "uchinchi tomon" DNS xizmatlaridan foydalanish kerak bo'lsa, masalan, Cloudflare, Google Cloud DNS, AWS Route 53 va h.k.
3. Domenni boshqa registratorga o‘tkazishda
Yangi registrator infratuzilmasiga moslash uchun NS yangilanishi mumkin.
Ko‘p hollarda avtomatik amalga oshadi.
4. Subdomen uchun avtorizatsiya serveri vakolatini alohida server(lar)ga o'tkazish
Masalan, shop.example.uz boshqa DNS provayderda boshqarilishi kerak bo‘lsa.
Aksariyat registratorlar, jumladan Hostmaster, subdomenga alohida NS sozlanishiga ruxsat bermaydi. Bu uchun sizda DNS serveringiz alohida VDS-da (Bind, PowerDNS) ishga tushirilga bo'lishi kerak. Ushbu DNS serverda esa, siz to'liq, har qanday DNS sozlamalarini amalga oshirishingiz mumkin bo'ladi.
5. Maxsus xizmatlar
Ayrim korporativ yoki SaaS xizmatlari o‘z NS serverlariga sozlanishini talab qiladilar.
Faqat A yozuvini o‘zgartirish yetarli bo‘ladigan holatlar
1. Yangi serverga o‘tkazi (shu DNS-provayderlarining o'zida)
Agar provayder xosting uchun yangi IP bersa, lekin DNS server o'sha-o'sha bo'lsa, domen uchun A yozuvini yangi IP manzilga sozlab qo'yishning o'zi yetarli bo'ladi.
2. Sayt platformasi o‘zgarsa, lekin DNS shu yerda qolsa
Masalan, DNS Hostmaster’da, lekin sayt yangi VDS serverga o'tkazilsa, A yozuvi o‘zgartirishning o'zi yetarli bo'ladi.
3. Subdomenni boshqa serverga yo‘naltirish
blog.example.uz uchun boshqa serverda joylashgan sayt mavjud bo'lsa, shu subdomen uchun A yozuvni kerakli IP manzilga sozlashning o'zi yetarli bo'ladi.
4. Ayrim alohida xizmatlar
mail.example.uz Gmail uchun, api.example.uz Firebase uchun sozlanishi/yo'naltirishi kerak bo'lsa.
Xulosa
- NS yozuvlarini o‘zgartiring, agar DNS boshqaruvini boshqa provayderga to'liq o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz;
- A yozuvini o‘zgartiring, agar IP o‘zgarsa, lekin DNS server o'zgartirilishi shart bo'lmasa.
Misollar
1. Root domen NS yozuvlari
| Xost / Nomi | Tur | TTL | Qiymat / Manzil |
|---|---|---|---|
| example.uz | NS | 3600 | ns1.hostmaster.uz. |
| example.uz | NS | 3600 | reverse.hostmaster.uz. |
2. Subdomen avtorizatisya serverlarining sozlanishi (VDS serverda)*
| Xost / Nomi | Tur | TTL | Qiymat / Manzil |
|---|---|---|---|
| shop.example.uz. | NS | 3600 | ns1.hostmaster.uz. |
| shop.example.uz. | NS | 3600 | reverse.hostmaster.uz. |
3. NS yozuvlarining Glue yozuvlar bilan birga berilishi (VDS serverda)*
| Xost / Nomi | Tur | TTL | Qiymat / Manzil |
|---|---|---|---|
| example.uz. | NS | 86400 | ns1.example.uz. |
| example.uz. | NS | 86400 | ns2.example.uz. |
| ns1.example.uz. | A | 86400 | 192.0.2.1 |
| ns2.example.uz. | A | 86400 | 192.0.2.2 |
Qiziqarli faktlar
Root DNS-serverlar manzillari
Root DNS serverlar — bu butun DNS tizimining eng ildiz(boshlanishida) joylashgan avtorizatsiya serverlari hisoblanadi. Ularning jami 13 tasi mavjud (A–M), har biri butun dunyo bo‘ylab ko‘plab Anycast nuqtalari(yuzlab va minglab clone serverlari)ga ega hisoblanadi.
| Harf | Hostname | IPv4 | IPv6 |
|---|---|---|---|
| A | a.root-servers.net | 198.41.0.4 | 2001:503:ba3e::2:30 |
| B | b.root-servers.net | 199.9.14.201 | 2001:500:200::b |
| C | c.root-servers.net | 192.33.4.12 | 2001:500:2::c |
| D | d.root-servers.net | 199.7.91.13 | 2001:500:2d::d |
| E | e.root-servers.net | 192.203.230.10 | 2001:500:a8::e |
| F | f.root-servers.net | 192.5.5.241 | 2001:500:2f::f |
| G | g.root-servers.net | 192.112.36.4 | 2001:500:12::d0d |
| H | h.root-servers.net | 198.97.190.53 | 2001:500:1::53 |
| I | i.root-servers.net | 192.36.148.17 | 2001:7fe::53 |
| J | j.root-servers.net | 192.58.128.30 | 2001:503:c27::2:30 |
| K | k.root-servers.net | 193.0.14.129 | 2001:7fd::1 |
| L | l.root-servers.net | 199.7.83.42 | 2001:500:9f::42 |
| M | m.root-servers.net | 202.12.27.33 | 2001:dc3::35 |