Hostingga boshqa domenlarni ham ulash mumkinmi?
Qisqa javob — Ha. Ammo o'z-o'zidan, buni qanday amalga oshirish borasida savol tug'ilishi tabiiy.
Qo'shiladigan domenni sozlash
Birinchi muammo bu domen masalasi.
Bu borasida sizda ikki xil yo'l mavjud:
1. Domenning DNS boshqaruvini to'liq ushbu hosting nazoratiga o'tkazish (tavsiya etiladi)
Buni siz domeningiz NS yozuvlarini Hostmaster NS yozuvlariga o'zgartirish bilan amalga oshirasiz.
Diqqat!
NS yozuvlari o'zgarishi eski DNS serverdagi yozuvlaringiz amal qilmay qo'yishi va katta ehtimol bilan o'chirib yuborilishini anglatadi. Iltimos, NS yozuvlarini o'zgartirishdan avval barcha kerakli DNS yozuvlaringizni biror joyga saqlab oling. So'ng yangi DNS serverda o'sha yozuvlaringizni qayta kiritib olaverasiz.
2. Domenni A yozuv orqali hosting serverga yo'naltirish
Domen SSL sertifikat olishi va hech bo'lmaganda sayt shu hostingdan ochilishi uchun domen A yozuvi olingan hosting server IP manziliga sozlanishi kerak.
Hosting IP manzilini esa Support xizmatimizga murojaat qilgan holda aniqlab olishingiz mumkin bo'ladi.
Ammo, keyinchalik, subdomen ochishda va email uchun, domen verifikatsiyalari uchun DNS sozlashlarida, eski DNS serveringizdan alohida DNS sozlamalarini qilib borishingiz kerak bo'ladi.
Hostingda domenni qo'shib olish
Domenni hostingda qo'shib olish uchun sizda, cPanel boshqaruv panelining "Domains" interfeysi/sahifasi mavjud.
Ushbu interfeysda siz domenni addon, yoki parked domen sifatida qo'shib olishingiz mumkin.
Yodda tuting!
Domen uchun NS sozlangach va u hostingda qo'shilgach, SSL sertifikat olinishi o'rtacha 1 sutka vaqt olishi mumkin. Bu global DNS kesh va brauzer keshi yangilanishi bilan bog'liq bo'ladi.
Hostingga qanday domenlarni qo'shish imkoni mavjud?
Siz, cPanel'da lokal domenlarni (masalan, example.local) qo'sha olmaysiz. cPanel bu holatda domen uchun registrator aniqlanmagani haqida xatolik qaytaradi. Ya'ni, qo'shilayotgan domen mavjud TLD'lardan bo'lishi kerak.
Siz har qanday, hatto NS yozuvi ushbu hostingga sozlanmagan domenni ham qo'sha olasiz (ayrim maxsus domenlar bundan mustasno, masalan, google.com, facebook.com, ...).
Ammo domen qo'shish bilan u domen sizniki bo'lib qolmaydi va ishlayvermaydi. Domen albatta sizga tegishli domen bo'lishi kerak. Shunda siz NS yozuvlarini hosting NS yozuvlariga sozlaysiz va u sizning hostingdagi saytni ochadigan bo'ladi.