WordPress Management interfeysi

CMS o'zi nima va WordPress haqida; cPanel`da WP sayt yaratib olish

Siz bilan bundan avvalgi maqolalarda "Site Publisher" va "Sitejet Builder" bilan tanishib chiqdik. Ularning ikkisi ham kichik bizneslar va vaqtinchalik sayt sahifalarini yaratib olish uchun qulay yechimlar hisoblanadi.

Ushbu tizimlar, yani CMS(Content Management System)`larning barchasida bitta vazifa mavjud - saytni kod yozmasdan, qulay yo'llar bilan yaratib olish.

Bunday CMS`lar turi juda ko'p: WordPress, Joomla, Drupal, Shopify, Wix, Squarespace, Tilda, DataLife Engine, CMS.S3 / Megagroup, va hokazo ...

Ularning ichida WordPress yirikligi va imkoniyatlari jihatidan alohida o'rin egallaydi:

WordPress qay darajada mashhur?

1. Global bozordagi ulushi

  • WordPress internet tarmog'idagi barcha saytlarning 43% dan ortig‘ini qamrab olgan (2025-yil holatiga ko‘ra);
  • Demak, siz tashrif buyuradigan har 2 ta saytning bittasi WordPress’da yaratilgan bo'lib chiqadi;
  • Ma’lum bo'lgan barcha CMS tizimlari o'rtasida WordPress ulushi 63–65% ni tashkil etadi — bu Wix, Shopify, Joomla va Drupal’ga qaraganda o'ta katta farq demakdir.

2. Foydalanuvchilar bazasi

  • Millionlab saytlar WordPress`ni o'zi uchun eng qulay yechim deb qabul qilgan. Bular, kichik blog saytlardan tortib, yirik brendlargacha:
    • The New York Times
    • Sony
    • BBC America
    • TechCrunch
    • NASA
  • Shuningdek, WordPress.com platformasi o‘z serverlarida millionlab WordPress tizimi saytlarni joylashtiradi.

3. Plagin va shablon ekotizimi

  • WordPress.org’da 60 000+ bepul plagin mavjud (va yana minglab pullik plaginlar);
  • 10 000+ bepul shablon va yana ko‘plab premium variantlar mavjud;
  • Ular orqali elektron tijorat (WooCommerce), forum, o‘quv platformalari va boshqa yana ko'plab turdagi saytlarni yaratish mumkin.

4. Jamiyat va ishlab chiquvchilar

  • Dunyoning eng katta ochiq manbali hamjamiyatlaridan biri hisoblanadi. Istasangiz siz ham biror plagin yoki shabloningizni ishlab chiqishingiz mumkin;
  • Har yili o‘tkaziladigan yuzlab WordCamp konferensiyalari;
  • Minglab ishlab chiquvchilar, tarjimonlar va ko‘ngillilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yirik tizim.

5. Iqtisodiy ta’siri

  • WordPress’ning global iqtisodiy ekotizimi (plaginlar, shablonlar, hosting, xizmatlar) 600 milliard AQSh dollaridan ortiq (2024-yil bahosiga ko‘ra);
  • Ko‘plab hosting kompaniyalari va frilanserlar aynan WordPress tufayli faoliyat yuritadilar.

Hozirda ko'plab biznes egalari loyihalari uchun butun boshli dasturchilar jamoasini tashkil qilgandan ko'ra, bitta tajribali WP(manbaalarda WordPress`ni ko'pchilik qisqartirib WP deb yuritadi, shuningdek, biz ham taomilga amal qilamiz) dasturchisini yollashni va mana shunday tayyor CMS tizimlaridan foydalanishni maqul ko'rmoqdalar.

cPanel ham bu tizim uchun WP`ni qulay o'rnatib olish uchun mo'ljallangan "WordPress Management" interfeysini taklif qiladi.

Hozir shu interfeysda WP o'rnatib olishni ko'rib chiqish orqali u bilan tanishib olamiz:

cPanel`da WordPress Management interfeysi orqali WordPress o'rnatib olish

Loyiha uchun domen tayyorlab olamiz

Siz albatta, asosiy domeningiz uchun o'rnatishingiz mumkin. Biz esa, avval, WP uchun alohida subdomen yaratib olamiz: wp-sample.scroll.uz Sababi, agar biz alohida domenga WP o'rnatmoqchi bo'lsak, WordPress Management interfeysida domen yaratib olish uchun alohida qism mavjud emas.

So'ng WordPress Management interfeysidagi "Install" tugmasini bosamiz
WP o'rnatish formasini to'ldiramiz
  1. WP o'rnatilishi kerak bo'lgan domenimizni tanlab olamiz. Bizning holatda bu wp-sample.scroll.uz subdomeni. Shuningdek, domendan keyingi manzilni kiritmaymiz, sababi bizning holatda butun boshli subdomenimiz uchun sayt ishlab turishi kerak;
  2. Veb sayt asosiy sahifasini title(sarlavhasi)`ni kiritib qo'yamiz;
  3. Biror plagin, yoki theme(mavzu) bo'yicha yaratib olish kerak bo'lsa, tanlab olamiz. Yoki keyinroq ham o'rnatib olsa bo'ladi;
  4. WP admin boshqaruv paneli tilini tanlaymiz (o'zbek tili ham mavjud 👍);
  5. WP versiyasini tanlaymiz;
  6. Admin user nomini kiritamiz (keyinchalik shu login bilan WP admin paneli ochiladigan bo'ladi);
  7. Admin user uchun parol kiritamiz (kuchli parol generatsiya qilish uchun tugma ham mavjud). Login, parolni albatta biror xavfsiz joyga saqlab qo'yish kerak!;
  8. Yana bir muhim kiritmalardan biri bu biror aktiv elektron pochta manzilini biriktirishdir. Masalan, agar siz admin parolingizni esdan chiqarsangiz, parol tiklab olish jarayoni mana shu elektron pochtangiz orqali amalga oshiriladi.

Bularning barchasi muhim ahamiyatga ega kiritmalardir.

So'nggida WP o'rnatilishini boshlash uchun pastroqdagi "Install" tugmasini bosasiz.

O'rnatish jarayoni amalga oshadi va so'ngida quyidagi umumiy boshqaruv oynasi paydo bo'ladi:

Bu yerda sizga ikki asosiy havola taqdim qilinadi:

  • "Open" bilan yaratilgan saytning o'zini ochib olasiz:
  • "Log in" bilan to'g'ridan-to'g'ri, login va parol terib o'tirmasdan WP admin dashboard`ni ochib olishingiz mumkin bo'ladi:

Bu interfeys haqida shu joyda to'xtatib turamiz. Sababi,

  • Birinchidan bu yerda beriladigan boshqaruv amallarining barchasi WP admin panelida mavjud;
  • Ikkinchidan, WP bilan ishlashdagi turli holatlar va ularning yechimlari uchun bizda alohida bo'lim bo'ladi.