"File Manager" interfeysining asosiy qismi

"File Manager"`ning asosiy qismi, navigatsiya elementlari

"File Manager"`ning asosiy qismi siz ayni payt qaysi katalog/papka ichida turganingizni ko'rsatadi

Sidebar(chap yon menyu) orqali harakatlanish

Yuqoridagi rasmda siz public_html katalogi ichidasiz. Demak, papkada hozircha bitta fayl mavjud, u ham bo'lsa, index.html.

Shu tariqa chap tomon menyusi(sidebar)dan foydalangan holda, kerakli manzil/katalogni ochib olishingiz mumkin bo'ladi.

Ba'zida "papka"(folder), ba'zida "katalog"(directory), yana ba'zida shunchaki "manzil"(path) deb nom beramiz. Ularning barchasi bir narsaga ishora qiladi — o'zida fayl va boshqa papkalarni saqlovchi, ushbu raqamli elementlarni saqlash, tartiblash va bir-biridan ajratish uchun konteyner, yohud raqamli quti.

Asosiy qismning yuqori qismida alohida navigatsiya elementlari mavjud. Ularni har biri bilan alohida tanishib chiqamiz.

Home (Uyga/Asosiy papkaga)

Ayni payt qaysi katalogda joylashgan bo'lsangiz ham, ushbu tugma sizni asosiy katalog manziliga olib chiqadi.

Misol tariqasida, log fayli papkasida turgan holatingizni misol qilib ko'rib chiqamiz:

"Home" tugmasi nofaol holatga o'tganiga ahamiyat bering. U nofaol, sababi biz hozir shundoq ham asosiy katalogda turibmiz.

Up One Level (Ortga bir qadam)

Biz turgan manzildan bir qadam ortga, yohud kataloglar ierarxiyasida bir qadam yuqoriga qaytish.

Masalan, yuqoridagi misolda siz /home/username/logs/roundcube manzilida edingiz. "Up One Level" tugmasi esa, sizni /home/username/logs manziliga olib chiqadi.

"Back"(Ortga) va "Forward"(Oldinga)

Ayni funksiyalar biroz chalkashtirilishi mumkin. Sababi "Back" sizni "Up One Level" kabi bir qadam ortga olib chiqish emas.

  • Back - katalogdan-katalogga harakatlanishda ayni manzilga o'tishdan avvalgi joylashuvga qaytish
  • Forward - katalogdan-katalogga harakatlanishda "Back" bilan eski joyga qaytishdan so'ng, yangi joylashuvga qaytish, yohud oxirgi qilingan "Back" amalini bekor qilish hisoblandi.

"Back" bu manzillar bo'yicha bir pog'ona yuqoriga ko'tarilish emas; "Forward" bu manzillar bo'yicha bir pog'ona pastga yo'naltirilish emas.

Masalan, aytaylik siz hozir yana /home/username/logs/roundcube manzilidasiz. So'ng sidebar orqali public_html papkasini ochdingiz (ya'ni /home/username/public_html manzili). Bunda "Back" tugmasi sizni aynan avvalgi joylashuvingiz: /home/username/logs/roundcube-ga qaytaradi.

"Forward" tugmasi "Back" ishlatilgan zahoti aktivlashadi.

Ayni holatga ko'ra "Forward" tugmasini bosadigan bo'lsak, bu bizni yana public_html manziliga yonaltirishi kerak:

Reload (Qayta yuklash)

Ushbu amal asosiy qismdagi bizga ko'rinib turgan katalog tarkibini ohirgi holatiga yangilab ko'rsatadi.

Bu bizga, ma'lum vaqt talab qiluvchi jarayonlar, masalan, yangi faylning yuklanishi(Upload) kabi holatlarda kerak bo'ladi. Ya'ni, yangi fayl yuklanib bo'lgan, lekin katalog ichida eski tuzilma ko'rsatilayotgani uchun, uning bu katalogda ekani sizga ko'rinmayotgan bo'lishi mumkin.
Shunday hollarda sahifani "Reload", ya'ni qayta yuklab olishdan foydalanasiz.

Select All (Barchasini belgilash) va Unselect All

Har qanday amal bajarilishidan avval, amal bajariladigan faylning o'zi belgilanib olishi kerak.

Bu sichqoncha chap tugmasi, kerakli fayl ustida bir marta bosilishi bilan amalga oshishini bilasiz.

Ba'zilar shuningdek, CTRL tugmasini bosgan holda bir nechta turli fayllarni, SHIFT tugmasini bosgan holda esa fayllar intervalini birdaniga tanlab olish mumkinligidan xabari bo'lishi mumkin.

"Select All" amali, bizga asosiy qismda ochiq turgan katalogning barcha tarkibiy elementlari(fayllar-u, papkalar)ni belgilangan holatga o'tkazib beradi.

"Unselect All" esa har qanday tanlanma, shuningdek, "Select All" uchun teskari amal hisoblanadi. Ya'ni barcha tanlanmalarni bekor qiladi.

View Trash ("Axlat qutisi"ni ochish) va Empty Trash ("Axlat qutisi"ni bo'shatish)

"View Trash" tugmasi bizni, aslida bizning /home/username/ katalogimiz tarkibida bo'lmagan, "shaxsiy/maxfiy" papkamizga yo'naltiradi.

Bizda fayl va papkalarni to'liq o'chirib yuborish imkoni mavjud. Ammo ba'zida, keyinchalik kerak bo'lib qolishi mumkin bo'lgan fayllarni shunchaki "Axlat qutisi"ga uloqtirish maqul bo'ladi.

"Empty Trash" tugmasi orqali esa, "Axlat quti"`mizni butunlay bo'shatib olishimiz mumkin. Bu undagi barcha saqlanayotgan fayllarni va papkalarni butunlayga serverdan o'chiradi.