Permissions | Ruxsatlarni boshqarish

Ruxsatlarni sozlash, "File Manager" interfeysi orqali ruxsatlarni boshqarish

Hosting xizmati, cPanel boshqaruvi aynan Linux distributiv operatsion tizimi asosida ishlaydi va amalga oshadi.

Biz siz bilan aynan mana shu Linux tizimiga asoslangan fayl ruxsatlari bilan tanishib chiqamiz.

Permissions (Ruxsatlar)

Fayllar va papkalarga beriladigan ruxsatlar bu, kimlar mana shu fayl va papkalar ustida qanday huquqlarga ega ekanligini belgilab beradi. Masalan, kim faqat o'qish huquqiga ega, kimda yozish huquqi ham bor, kimga uni ishga tushirishga ruxsat etilgan(script fayllari).

Ruxsatlar tuzilmasi

Ruxsatlar uchun ikki jihat muhim hisoblanadi:

  1. kimga
  2. qanday ruxsat

Kimga ruxsat belgilanishiga ko'ra tizim foydalanuvchilari(user types) kategoriyalari uch turga bo'linadi:

  1. Owner(Fayl egasi) - Qaysi user faylni yaratgan bo'lsa, mana shu user "owner" hisoblanadi;
  2. Group(Foydalanuvchilar guruhi) - fayl yaratuvchisi, ya'ni owner`ning birlamchi guruhi;
  3. Other(Boshqalar) - fayl owner ham, faylning guruhidan ham bo'lmagan har qanday tizim foydalanuvchisi.

Ushbu turlanishga ko'ra, fayl foydalanuvchisiga 3 xil amal uchun ruxsat belgilanishi mumkin:

  1. Read(r) - O'qish uchun ruxsat. Octal(8 lik) qiymati - 4
  2. Write(w) - Yozish/O'zgartirish uchun ruxsat. Octal(8 lik) qiymati - 2
  3. Execute(x) - Ishga tushirish uchun ruxsat. Octal(8 lik) qiymati - 1

Ruxsat qiymati belgilar bilan (r, w, x), yoki octal(8 lik) raqamlar bilan belgilanishi mumkin.

Ikkala holatni alohida ko'rib chiqamiz.

Belgili holatda ruxsat belgilanishi

Fayl uchun umumiy ruxsat kodining yozilishi uch xil foydalanuvchi turi uchun uch xil ruxsat qiymati ko'rinishida bo'ladi.

Umumiy holda yozilishi 3 tadan 3 ta, ya'ni 9 ta belgi ko'rinishida: ---------

Alohida ko'rib chiqilganda quyidagicha tasniflash mumkin:

Owner Group Others
read write execute read write execute read write execute
- - - - - - - - -
r w x r w x r w x

Namunaviy misollar bilan ko'rib chiqamiz:

BelgilanishiOwnerGroupOthersTavsifi
rwx------rwx------owner o'qish, yozish va ishga tushirish huquqlariga ega. owner bo'lmagan hech kimda hech qanday ruxsat yo'q
---rw-------rw----faqat fayl guruhi foydalanuvchilari uchun o'qish va yozish huquqlari bor. Agar owner fayl guruhida bo'lsa, unda u ham o'qish va yozish huquqiga ega. Unday bo'lmasa, u hech qanday huquqqa ega emas.
r-x------r-x------Faqat owner o'qish va ishga tushirish huquqlariga ega
---r--------r-----Faqat fayl guruhi tarkibidagilar o'qish huquqiga egalar
rw-rw-r-xrw-rw-r-xowner va fayl guruhi egalari o'qish va yozish huquqiga egalar. "Boshqalar" esa o'qishlari va ishga tushirishlari mumkin.
-w-r-x----w-r-x---owner faqat yozish huquqiga ega, fayl guruhi egalari esa o'qish va ishga tushirish huquqlariga egalar. "Boshqalar"`da esa fayl uchun hech qanday huquq mavjud emas
--x---r----x---r--owner faqat ishga tushirishi mumkin. Fayl guruhlarida hech qanday huquq yo'q. owner ham fayl guruhidan ham bo'lmaganlar o'qish huquqiga ega. Bu yerda owner others orqali o'qish huquqiga ham ega bo'ladi deb o'ylamang. Yodda tuting, ma'lum ruxsat belgilash bu, boshqa ruxsatlardan mahrum qilish ham hisoblanadi
------------------Hech kim uchun hech qanday ruxsat berilmaydi

Bu huquqlar har qanday payt owner, yoki, albatta, root foydalanuvchi tomonidan o'zgartirilishi mumkin.

Raqamli holatda ruxsat belgilanishi

Ruxsatlar octal, ya'ni 8 lik raqamlar tizimi bo'yicha raqamlanadi.

8 lik tizim, bir xonalik sonlari, yohud raqamlari quyidagilar hisoblanadi:
0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7

Har bir ruxsat turining o'z qiymati mavjud:

  1. Read(r) - 4
  2. Write(w) - 2
  3. Execute(x) - 1

Jadval orqali ruxsatlar qiymatlarini raqamlisi bilan solishtirib chiqamiz:

Octal01234567
Belgi-----x-w--wxr--r-xrw-rwx

Misol sifatida, rwx------ ruxsatini endi 700 holatida, yoki rw-rw-r-x ruxsatini 665 holatida yozish mumkin.

Raqamli format boshlanishiga biroz tushunish qiyinroq bo'lsada, keyinchalik, amalda ko'p foydalana boshlaganingizda, sevimli formatingizga aylanishi tabiiy.

"File Manager"`da ruxsatlarni o'zgartirish

"File Manager" interfeysida fayl va papkalar ruxsatlarini o'zgartirib olish uchun, yuqori qism menyusida alohida tugma mavjud: "Permissions".

O'zgartirish amalini ko'rib olish uchun alohida secrets.txt fayli va secret documents papkasini yaratib olamiz.

Fayl uchun ruxsatni o'zgartirish

secrets.txt faylimiz hozirda 644 ruxsatiga ega. Uni tanlagan holda, "Permissions" tugmasi yordamida, ruxsatni 600 ga o'zgartiramiz:

Papka uchun ruxsatni o'zgartirish

secret documents papkasi 755 ruxsatiga ega bo'lib turgan holatida, ruxsatni 400 ga o'zgartirib qo'yamiz: