cPanel`ning "Files" bo'limi

Bo'lim nima uchun mo'ljallangan va qanday interfeyslarni o'z ichiga oladi

Bu bo'lim bilan tanishib chiqishdan avval, "Shared hosting" tushunchasi haqida bilib olishingiz muhim ahamiyatga ega.

"Shared hosting"(umumiy hosting) o'zi nima?

O'zbekchasiga "Umumiy hosting" deb yuritamiz, to'liqroq: "Bir nechta foydalanuvchi uchun umumiy hosting server" deyish ham mumkin.

  • Ya'ni, bunda sizga provayderingizning hosting serveridan alohida yaratilgan akkaunt taqdim qilinadi;
  • Ya'ni, Server bir nechta foydalanuvchilar akkauntlari uchun umumiy;
  • Ya'ni, butun boshli hosting serverning bir qismi sizga cheklangan imkoniyatlar bilan(tarif rejasiga ko'ra) taqdim qilinmoqda.

Linux tizimidan xabaringiz bo'lsa, alohida user(foydalanuvchi) yaratilganda, bu user uchun /home/ papkasida o'z username(foydalanuvchi nomi) bilan alohida papka yaratiladi. Hosting serverida ham Linux tizimlaridan biri o'rnatilgan bo'ladi va bu hosting akkaunt yaratilishi jarayoni bilan deyarli bir xil holat hisoblanadi.

Aytaylik, siz Hostmaster`dan salom.uz domeni asosida hosting buyurtma qildingiz. To'lov amalga oshirganingizdan so'ng, hosting akkaunt aktiv bo'lishi jarayonida hosting server yangi hosting akkaunt yaratish buyrug'ini qabul qilib oladi va sizga, masalan, serverda salom username bilan, /home/salom user papkasini yaratadi.

Agar sizning boshqa biror do'stingiz ham bu payt xayr.uz hostingiga buyurtma bergan bo'lsa, katta ehtimol bilan, xuddi shu hosting serveridagi xayr username bilan /home/xayr papkasi u uchun ochilgan bo'ladi.

Shu holatda siz va do'stingiz umumiy hosting serverni birgalikda bo'lishayotgan(share) bo'lib chiqadi.

Hosting Server

public_html papkasi asosiy domen uchun

Demak, "shared hosting" xizmati, bu umumiy serverning cheklangan qism va resurslariga ega bo'lish demakdir. cPanel tizimi esa, sizga o'zining web interfeysi bilan, bu ajratilgan resursdan qulay tarzda foydalanishga yordam beradi.

cPanel`ning "Files" bo'limi nega kerak?

Hosting xizmatini sotib olganingizda o'zingizga beradigan birinchi savolingiz, bu xoynahoy: "saytimning kodini endi qayerga joylashtiraman" bo'ladi.

Ayni mana shu masalada "Files" bo'limi sizga yordam beradi. Bu bo'lim sizga fayllar bilan ishlashda web interfey, FTP, Web Disk kabi turli yo'llarni taqdim etadi.

Bo'lim orqali siz fayllaringizni hosting serverga yuklashingiz, serverdagi barcha fayl va papkalaringizni boshqarishingiz(yaratish, o'zgartirish, o'chirish, xavfsizligini ta'minlash), hosting akkauntingiz va uning qismlari, ma'lumotlar bazasidan zaxira nusxa olishingiz va zaxira nusxadan qayta tiklab olishingiz mumkin bo'ladi.

Bo'lim interfeyslari

Fayllarni boshqarish:
  1. File Manager
    Fayllar va papkalarni boshqarish uchun veb-interfeys. Yuklash, tahrirlash, ko‘chirish, o‘chirish va ruxsatlarni sozlash imkonini beradi.
  2. FTP Accounts
    FTP foydalanuvchilarini yaratish va boshqarish. Har bir hisobni maxsus papkalar qamroviga cheklash mumkin.
  3. Web Disk
    Hosting hisobingizni kompyuterda tarmoq diski sifatida ulab olish imkonini beradi. Fayllarni kompyuterdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarish mumkin bo'ladi.
  4. Images
    Hostingdagi rasm fayllarini ko‘rish, o‘lchamini o‘zgartirish, formatini almashtirish va tartiblash uchun mo‘ljallangan vosita.
Papkalar xavfsizligi:
  1. Directory Privacy
    Papkalarni parol bilan himoyalash imkonini beradi. Brauzer orqali kirishni cheklash uchun ishlatiladi.
Monitoring:
  1. Disk Usage
    Diskdagi ajratilgan joydan foydalanishni vizual tarzda ko‘rsatib beradi. Eng ko‘p joy egallagan fayl va papkalarni aniqlash uchun qulay vosita hisoblanadi.
Zaxiralash:
  1. Backup
    Sayt fayllari, ma’lumotlar bazasi, email sozlamalari va boshqalarni to‘liq yoki qisman zaxiralash imkonini beradi.
  2. Backup Wizard
    Zaxira nusxalarini yaratish yoki tiklash uchun bosqichma-bosqich ko‘rsatmali jarayonni tashkillab beradi. cPanel boshqaruvidan birinchi marta foydalanayotganlar uchun juda qulay hisoblanadi.
  3. File and Directory Restoration
    O‘chirilgan yoki o‘zgartirilgan fayllarni tiklab olish uchun interfeys.
Versiya boshqaruv tizimi:
  1. Git™ Version Control
    Git repozitoriyalarini cPanel orqali boshqarish. Dasturchilar uchun kodni joylashtirish va versiyalarni kuzatish uchun foydali interfeys.

Keyingi maqolalarda bu interfeyslarning har biri bilan alohida tanishib chiqamiz.